Oʻzbekiston yoshlari bandligini taʼminlashda Koreya bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2024-09-20 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Koreya Respublikasining Milliy assambleyasi kongressmeni Kwon Youngjin boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi oliy va professional taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlarini yanada rivojlantirish borasida muzokaralar olib bordilar.
Xususan, vazir Q.Sharipov Oʻzbekistonning 5 ta oliy taʼlim muassasasi Koreya Respublikasining 7 ta universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib, bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlumot berib oʻtdi.
– Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Janubiy Koreyaning Yeungnam universitetining hamkorlikdagi yangi qoʻshma taʼlim dasturining ochilishi juda quvonchli, – dedi vazir. – 2+2 shaklida joriy qilinayotgan dastur orqali hamkorligimiz yanada kengayishi kutilmoqda.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston yoshlarini ish bilan taʼminlash uchun taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishdilar.