Talaba-yoshlarning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2024-09-18 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Barcha davlat, nodavlat, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektorlari hamda hududiy boshqarma boshliqlari ishtirokida o‘tkazilgan anjuman avvalida davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan tizim asosida talabalarni turar joy bilan ta’minlash borasidagi samarali ishlar e’tirof etildi.
Shundan so‘ng, kun tartibidagi masalalar ko‘rilib, 2024/2025-o‘quv yili uchun reja qilingan maqsadli vazifalar belgilandi.
Jumladan, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda ma’naviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, “Qalqon” jamoatchilik guruhlari o‘rni va rolini kuchaytirish, tyutorlar hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini jonlantirish, “Ma’rifat ulashib”, “Adabiy-ma’rifiy haftaliklar”, “Milliy qadriyatlar sayli” kabi ma’rifiy loyihalarni sifatli tashkil etish borasida tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Prezident tashabbusi va ko‘rsatmalari asosida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Talabalar ligasi” hamda “Besh tashabbus” sport musobaqalarini joriy o‘quv yilida ham yuqori saviyada o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi. 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab “Talabalar ligasi” sport musobaqalari tarkibiga yana 4 ta sport turi kiritilib, har yili 3 bosqichdan iborat jami 9 ta sport turi — badminton, basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, kurash, stol tennisi, futbol (futzal), shaxmat bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.