Joriy yil 16 ming nafarga yaqin o‘quvchi akademik litseylarga qabul qilindi.
2024-08-21 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Akademik litseylarga 2024-yilning 10-iyunidan 10-iyuliga qadar my.edu.uz elektron platformasi orqali hujjatlar qabul qilindi.
Jami kelib tushgan arizalar soni 44 462 tani (35 530 ta o‘zbek, 7 397 ta rus, 1 535 ta qoraqalpoq) tashkil etdi.
Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishda uchtagacha akademik litseyning ta’lim tili bir xil bo‘lgan bittadan mos yo‘nalishini tanlash hamda o‘zi tanlagan hududda tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘quvchilarni akademik litseylarga qabul qilish, ularning o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 5-iyundagi 320-son qaroriga asosan 2024/2025-o‘quv yili uchun akademik litseylarga Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 25–26-iyul kunlari kirish test sinovlari o‘tkazildi. Kirish test sinovlari natijalari 1-avgust kuni e’lon qilindi.
Test natijalariga ko‘ra akademik litseylarga jami 15 924 nafar abituriyent o‘quvchilikka tavsiya etildi.
Quyidagi ijobiy ko‘rsatkichlarni alohida qayd etish o‘rinli:
- Joriy yil akademik litseylarga o‘tish ko‘rsatkichi avvalgi yilga nisbatan o‘rtacha 15-20 ballga ortgan;
- Joriy yil hujjat topshirgan abituriyentlarning 1 500 nafardan ortig‘i maxsus sertifikatlar (chet tilini bilish darajasi va aniq fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aks ettiruvchi) bilan tanlovda ishtirok etgan.
Bugungi kunda o‘quvchilikka tavsiya etilgan abituriyentlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga hozirgi vaqtda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan kirish test sinovlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya shikoyatlari qabul qilinmoqda.