“Talaba Expo – 2026” kasb ko‘rgazmasi Samarqandda
2026-07-03 08:00:00 / Vazirlik yangiliklari

“Kelajakka qadam” dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish hamda ish beruvchilar va yosh mutaxassislar o‘rtasida bevosita muloqot maydonini yaratishga qaratildi.
Tadbirda 300 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilotlar ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga 2500 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Ko‘rgazmada Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlaridan 12 mingga yaqin talaba-yoshlar qatnashdi.
“Talaba Expo – 2026” doirasida bitiruvchi talabalar mavjud ish o‘rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari, korxonalarning kadrlar siyosati hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida biznes loyiha va startaplar taqdimoti o‘tkazilib, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Kun davomida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi, ishlab chiqarish korxonasiga tanishuv tashrifi, taqdirlash marosimi hamda madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Yarmarka yakunida iqtidorli talabalar, bitiruvchilar bandligini ta’minlashda faol ishtirok etgan oliy ta’lim tashkilotlari, hamkor tashkilotlar hamda tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan mas’ullar e’tirof etildi.
Mazkur kasb ko‘rgazmasi yoshlarning ta’limdan mehnat bozoriga samarali o‘tishini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlash va bandligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qildi.
