ELSEVIER kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-07-30 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Tomonlar Elsevier kompaniyasi hamda vazirlik o‘rtasidagi hamkorlik natijalari, Elsevier platformalaridan foydalanish bo‘yicha statistik ma’lumotlar, noshirlik faoliyati bo‘yicha tahlillar, o‘zbek olimlari tomonidan chop etilayotgan ilmiy maqolalar sifatini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasida «Science Direct» platformasi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 2023-yilda imzolangan shartnoma doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mazkur platformada O‘zbekiston Respublikasining 80 ta oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, talabalari tomonidan 2023-yil davomida jami 157 146 ta maqola va kitob yuklab olingan.
Vazir o‘rinbosari «Science Direct» platformasidan foydalanish bo‘yicha shartnomani uzaytirish, o‘zbek olimlarining ilmiy maqolalari sifatini oshirish kabi masalalarda Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikdan manfaatdorlikni aytib o‘tdi.
– Q1 darajasidagi nufuzli jurnallarda nashr qilish ko‘lamini oshirish, xalqaro maqomga ega bo‘lgan mahalliy jurnallarimiz sonini ko‘paytirish va ularni xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalarida indeksatsiya qilish biz uchun ustuvor vazifalardan, – dedi O.Maxkamov.
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha batafsil qadamlarni keying uchrashuvlarda kengi muhokama qilishga kelishib oldilar.