Professional ta’lim mutaxassislari uchun Germaniyada o‘quv safari tashkil etildi
2024-07-14 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari
“Dual ta’lim targ‘ibotchilari” deb nomlangan dasturda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Professional ta’limni rivojlantirish instituti, Mehnat bozori tadqiqotlari instituti, kasb-hunar maktablari, “Oʻzcharmsanoat” va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillaridan iborat birinchi guruh ishtirokchilari qatnashdi.
Safar davomida Germaniya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (DGB), Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (DIHK), Berlin global oʻrganish markazi (EPIZ), Kasbiy taʼlim va trening boʻyicha federal instituti (BIBB) hamda yirik ish beruvchi korxonalar (BVG, Schindler) vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari ishtirokchilar Berlin texnika universiteti hamda Germaniya Novvoychilik akademiyasiga tashrif buyurib, professional ta’lim o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha maxsus taqdimot bilan tanishdi. Seminar davomida o‘quv jarayonlarini bevosita kuzatish hamda talabalar bilan suhbatlashish imkoni ham berildi.
“OSZ Mode” – Moda va liboslar texnikumidagi tashrif davomida esa, ushbu muassasa hamda Toshkentdagi Shayxontohur kasb-hunar maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakillari bilan yurtimiz oʻquvchi-yoshlarini kasb-hunarga oʻrgatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.