Rossiya-Oʻzbekiston toʻrtinchi taʻlim forumi o‘z ishini boshladi
2024-06-24 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Forumda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari Administratsiyalari, ta’lim vazirliklari, oliy va professional ta’lim muassasalari, IT, madaniyat va madaniy meros, yoshlar tashkilotlaridan jami 150 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Dasturga muvofiq dastlab forum yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Xorijiy mamlakatlar bilan hududlararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Igor Maslov, Rossiya ilm-fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilyovskiy so‘zga chiqib, ikki tomonlama ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ahamiyati, ularning natijasi hamda istiqbolli rejalar haqida nutq so‘zladilar.
Oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsion texnologiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan mazkur forumda qator masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan rektorlar forumlari bugungi kunga kelib, o‘z ichiga ta’limning barcha bosqichlarini, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, ishlab chiqarish sohalarini qamrab olgan muhim xalqaro platformaga aylangani ta’kidlandi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda 10 ta Rossiya universitetlari filiallari tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetkazildi va ikki davlat oliygohlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar jadal rivojlanib bormoqda.