“BMT-ayollar” tuzilmasining O‘zbekistondagi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
2023-03-15 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Mazkur sessiya doirasida vazir o‘rinbosari “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori o‘rinbosari Anita Bxatiya bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi.
BMT vakili 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi hamda 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotning texnik va moliyaviy ko‘magini jalb etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. Jumladan, ayollarni tadbirkorlik faoliyatga keng jalb qilish borasida innovatsiya va raqamli texnologiya dasturlarini ishga tushirish yuzasidan hamkorlikka oid aniq loyihalar ishlab chiqladi va amalga oshiriladi.
Uchrashuv natijasiga ko‘ra joriy aprel oyidan boshlab “BMT-ayollar” tuzilmasining O‘zbekistondagi faoliyati va loyihalarini amalga oshirishga mas’ul menejer lavozimini joriy etish bo‘yicha aniq kelishuvga erishildi.
Shuningdek, sessiya doirasida yana bir qator xorijiy delegatsiyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Qirg‘iziston oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuvda oliy ta’lim va innovatsion faoliyat sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi va joriy yilda Qirg‘izistonning ayol-qiz talabalari bilan bog‘liq startap va innovatsion loyihalar uchun maxsus loyiha tashkil etishga kelishib olindi.
Manba: Axborot xizmati