Xitoy an’anaviy tabobati madaniyati haftaligi o‘z ishini boshladi
2024-06-04 16:20:00 / Vazirlik yangiliklari
3-iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida tibbiyot sohasida hamkorlikni kengaytirish hamda “Sog‘lom ipak yo‘li”ni birgalikda barpo etish maqsadida O‘zbekiston-Xitoy tibbiyot markazi tomonidan “Xitoy an’anaviy tabobati madaniyati haftaligi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik va idoralar mutasaddilari, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, tibbiyot yo‘nalishidagi oliygohlar rahbarlari, zamonaviy hamda an’anaviy tibbiyot soha mutaxassislari, biologlar, kimyogarlar, farmasevtlar qatnashdi.
Tadbirda bu haftalik Xitoy xalq tabobatini chuqur o‘rganish va xitoylik soha mutaxassislari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonini berishi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda ham bu sohadagi tadqiqotlarni yanada kengaytirish, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga kengroq jalb etish, aholiga inson salomatligi uchun tabobatning afzalligini tushuntirish dolzarb masalalardan ekani qayd etildi.