O‘zbekiston va AYSESKOga a’zo mamlakatlari yoshlari o‘rtasida innovatsion sohada hamkorlik kengayadi
2024-05-30 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Uchrashuv boshida tashkilot Bosh direktori Salim al-Malik O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti va uning tuzilmalaridagi faoliyati jadallashib borayotganidan mamnunligini aytib, AYSESKO davlatlari bilan O‘zbekistoning hamkorligini kengaytirishga oid barcha takliflarni ko‘rib chiqishga ochiqligini bildirdi.
Tashkilot Bosh direktori 2024-yil 2–3-oktabrda O‘mon Sultonligining Masqat shahrida bo‘lib o‘tadigan Ta’lim vazirlarining III Islom konferensiyasida O‘zbekistonning qatnashishiga umid bildirdi hamda vazirlik rahbariyatini tadbirda qatnashishga taklif qildi.
O‘zbekiston tomoni 2024-yil noyabrda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Dunyo arabshunoslari global forumini tashkil qilish va o‘tkazishda AYSESKO bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
AYSESKO Bosh direktori mazkur forumni tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi va AYSESKOni forumning rasmiy hamkori sifatida belgilanishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston va AYSESKOga a’zo mamlakatlari yoshlari o‘rtasida innovatsion sohada hamkorlikni yanada kengaytirish, хususan, startap loyihalar mualliflari (startaperlar) uchun trening va mentorlik seminarlarini o‘zida jamlagan alohida xalqaro tadbirni O‘zbekiston oliygohlaridan birida tashkil qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishildi.