“Ilmiy-texnika taraqqiyoti sharoitida oliy texnik ta’lim istiqbollari” mavzusidagi anjuman o‘z ishini boshladi
2024-05-24 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri Dmitriy Afanasev ochib berdi.
Konferensiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimining barqaror rivojlanishiga erishish uchun akademik mobillik va mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash sohasida universitetlararo loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish lozimligi qayd etildi. Qo‘shma ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishni kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov magistratura, aspirantura va doktoranturada ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidladi.
– O‘zbekiston va Rossiya muhandislik-texnika sohalariga ixtisoslashgan oliygohlar hamkorligida transport, logistika, mashinasozlik, geologiya, metallurgiya, energetika, kimyo, AT texnologiyalari va boshqa muhim yo‘nalishlarda «Ilg‘or muhandislik maktablarini» tashkil etish, «korxona – universitet – ilmiy tashkilot» klaster tizimini va innovatsiya markazlarini yaratish lozim, – dedi vazir Q. Sharipov.