Prezident topshirig‘i ijrosi amalda
2024-04-30 11:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Prezidentning 2024-yil 5-apreldagi PQ–153-son qarori (https://lex.uz/docs/-6867721)da yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash vazifasi ijrosi yuzasidan Toshkent davlat agrar universiteti tajriba-ko‘rgazma dala maydonida o‘quv seminari tashkil etildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent viloyat hokimligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda talaba-yoshlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, qishloq xo‘jaligi korxonalari mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari ishtirok etdi.
Jarayon davomida professor-o‘qituvchilar, qishloq xo‘jaligi korxonalarining tajribali mutaxassislari tomonidan meva-sabzavot yetishtirishning agrotexnologiyalari, o‘g‘itdan samarali foydalanish, urug‘ tanlash kabi dolzarb mavzularda yoshlarga tushunchalar berilib, yerga ishlov berish, qishloq xo‘jaligi texnika va jihozlaridan foydalanish texnologiyalari amalda ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” asosida mahallalarni aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish va yoshlarni lider tadbirkorlarga biriktirish amaliyoti ham ko‘rib chiqildi.
Bu borada qo‘yilayotgan qadamlar yoshlarimizni qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha bandligini ta’minlash, avvalo ular shaxsiy daromadini oshirishga, undan tashqari kelajakda tajribali fermer bo‘lib yetishishiga imkon yaratadi. Aslida juda ko‘p yoshlarimiz qishloq xo‘jaligiga qiziqadi, faqat ularga shart-sharoit yaratib berilsa bas, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’uli.