audio

    0+
    Institutsional rivojlanish sari yangi odimlar

    Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishda avvalgi muloqotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Fan, taʼlim sohasidagi integratsiyalashuv, mintaqaviy, xalqaro munosabatlardagi oʻzaro iqtisodiy sheriklik masalalari yangi bosqichga koʻtarildi.

    Oʻzbekiston uchun Tojikiston geografik jihatdan yaqin qoʻshni, sinovlardan oʻtgan strategik hamkor mamlakat. Ikki xalqni asrlar davomida chuqur ildiz otgan savdosotiq, bordi-keldi, fan, taʼlim sohasidagi aloqalar, qolaversa, qarindoshlik, qudaandachilik qadriyatlari bogʻlab keladi. Shu bilan birga, oʻzbek va tojik xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi shoirlarining nodir asarlarini oʻzaro mushtaraklik bilan oʻqib, ulkan soʻz merosini asrab-avaylab, avloddan avlodga yetkazib keladi. Ana shu ezgu gʻoyalardan ruhlanib, bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashaydi.

    Davlatimiz rahbarining ochiq, pragmatik, konstruktiv ruhdagi keng koʻlamli ichki va tashqi siyosati dastlab chegara muammolarini ijobiy hal qilish, qoʻshni mamlakatlar oʻrtasidagi xavfsiz savdo-sotiq, bordi-keldi masalalarini diplomatik yechishda samarali rol oʻynadi. Xususan, 2018-yildan ikki xalq hayotida yangi kunlar boshlandi. Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari erishgan kelishuvlar natijasida ikki davlat chegarasida 9 ta oʻtish punkti rasman ochildi. Natijada kunlik qatnov 10 barobar koʻpaydi.

    Ikki davlat oʻrtasida temir yoʻl qatnovi tiklandi. Bu ham ikki tomondagi fuqarolarni bir-biriga jipslashtirdi, oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamladi. Natijada fuqarolarning tadbirkorligi quloch yoydi, chegaradosh hududlarda oilaviy biznes ancha jonlandi, oliy taʼlim muassasalariga kirib oʻqish osonlashdi.

    Tashrif doirasida tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, oʻzaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish uchun energetika,  elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, toʻqimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.

    Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida tarixiy shartnoma imzolanib, noaniq tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, xususan, Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda institutsional hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilgan pavilonda mamlakatimiz avtomobilsozligining yuqori texnologik mahsulotlari, elektr va qishloq xoʻjaligi texnikasi, tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo, toʻqimachilik, farmatsevtika va sanoatning boshqa tarmoqlari tovarlari koʻrgazmasi istiqbolli hamkorlik eshiklarini ochdi.

    Bugun Oʻzbekiston uchun suvdan foydalanish va suv manbalarini koʻpaytirish, samarali boshqarish strategik masaladir. Shu nuqtayi nazardan, suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirish boʻyicha maqsadli ilmiy asosga ega dasturlar ishlab chiqildi.

    Hamkorlikning yana bir strategik yoʻnalishi ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoit yaratish boʻlib, yoʻlovchi va yuk tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalar tasdiqlandi.

    Bugun biz har qachongidan ham koʻproq taʼlim, fan tarmoq va sohalarini uzluksiz oʻrgangan holda oʻzgaruvchan dunyoga moslashishimiz zarur. Chunki muhandislik, ay-ti sohalarining innovatsion yutuqlari insoniyat turmush tarzini butunlay oʻzgartirmoqda. Shu sababli bugungi mamlakatlarning ilmiy-texnik taraqqiy etishi hayotiy zaruratdir. Shu maʼnoda, Markaziy Osiyoda oliy taʼlimni taraqqiy ettirish, barqaror iqtisodiyotni saqlash, tabiiy resurslardan yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari asosida oqilona va samarali foydalanish, ming yillik anʼana va qadriyatlar ruhida yoshlarimizni vatanga, mintaqaga sadoqat ruhida tarbiyalash, uzluksiz taʼlim sifatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

    Xoʻsh, fan-texnika taraqqiyotiga tayangan holda oʻqitish sifatini qanday qilib oshirish va akademik taʼlim jarayonini yaxshilash mumkin? Raqamli texnologiyalarning taʼlimdagi afzalliklarini aks ettirish, tajriba almashish va baholash vaqti keldi, lekin har doim texnologiyalar oʻqish uchun asosiy maqsad emas, vosita ekanini yodda tutish lozim. Turli koʻrinishdagi moddiy, iqtisodiy, noaniq inqirozlar bizni chalgʻita olmasligi kerak, yoshlarni yaxshi qoʻshnichilik, azaliy qadriyatlar va insonparvarlik, umumbashariy maqsadlar ruhida tarbiyalashimiz muhim ahamiyatga ega.

    Bugungi noaniq va bemanzil tahlikali voqeliklar, oʻzgarishlar bizni yagona osmon ostida faqat ilm, qadriyat va oʻzaro bagʻrikenglik tamoyillari asosida integratsiyalashuvga, iqtisodiy sherikchilikni rivojlantirish orqali farovon va osuda hayotni taʼminlashga chorlaydi. Taraqqiyotimizning asosiy ishtirokchilari va harakatlantiruvchi kuchi sifatida yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, talabalarga sifatli taʼlim va ilmiy yoʻnalishlar berish dolzarb masaladir. Zero, muhandislik texnologiyalarini qadriyatlarga tayangan holda egallash muhim. Texnologik transformatsiyalar oʻquv, taʼlim va tadqiqot ishlari sifatini oshirishda, muammolarimizni yechishda yordam beradi.

    Prezidentimizning 2018-yili Tojikistonga davlat tashrifi doirasida hukumatlarimiz oʻrtasida oliy taʼlim va ilm-fan sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan edi. Unga koʻra, ikki davlatning 30 dan ortiq oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha shartnoma va memorandumlar tuzilgan.

    Ayni paytda mamlakatimizdagi beshta oliy taʼlim muassasasida tojik tilini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Samarqand davlat universitetida tojik tili va adabiyoti, Termiz davlat universitetida tojik filologiyasi va sharq tillari kafedralari samarali faoliyat yuritayotir. Akademik almashinuv doirasida oʻtgan davrda Tojikiston oliy oʻquv yurtlaridan 30 dan ortiq professor-oʻqituvchi yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida tajriba almashgan.

    Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifida ham yoshlar va taʼlim forumlarini muntazam oʻtkazish, sport dasturlarini amalga oshirish, turizm xizmatlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Toshkentda boʻlib oʻtgan ikki davlat oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi natijalari keng muhokama qilindi.

    Rektorlar forumi taʼlim va fan sohalari, ilmiy tadqiqot loyihalari, universitet va institutlar akademik faoliyatining jadal integratsiyalashuvi, talabalar almashinuvini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlgani taʼkidlandi. Shuningdek, forum davomi oʻlaroq, yangi taʼlim texnologiyalarini mintaqadagi OTMlarga keng joriy qilish, ikki qoʻshni davlat talabalari oʻrtasida olimpiadalar oʻtkazish, akademik almashinuvlarni koʻpaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Bugun ikki davlat rahbarlari ulkan hamkorlik islohotlarida oʻzaro ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy-maʼrifiy, texnologik integratsiyalashuv uchun umumiy makonni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Markaziy Osiyo iqtisodiyotini barqaror saqlash, milliy qonunchilik, ayniqsa, bojxona va soliq sohalarida yaqinlashuvni jadallashtirish, umumiy mehnat bozorida ishlashga qodir kadrlarni tayyorlash, intellektual kapitalni rivojlantirishga katta sarmoya ajratilmoqda.

    Oʻzbekiston — Tojikiston rektorlar forumi doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarda qoʻshni davlat oliy oʻquv yurtlari bilan kimyo texnologiyasi, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyasi, biotexnologiya, irrigatsiya va suv resurslari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, farmakologiya, farmatsevtika kabi sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish aks etgan.

    Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzdi. Fanlar akademiyalari oʻrtasida ilmiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari, xalqaro avtomobil va aviatsiya qatnovlari toʻgʻrisidagi kelishuvlarga oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida bayonnomalar soha va tarmoqlarning institutsional taraqqiyotini kafolatlaydi.

    Ikki mamlakat yetakchilari imzolagan hududlararo hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim 2024-2026-yillarga moʻljallangan boʻlib, mushtarak tarixiy meros, maʼnaviy qadriyat va anʼanalarimizni asrab-avaylash hamda oliy taʼlim aloqalarini, oliy taʼlimdan keyingi tadqiqot yoʻnalishlarini uzluksiz rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 23-aprel kungi 77 (1138)-soni

    • view_icon 54
    : 2024-04-23 13:15:00