Iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik tashabbuslar va migratsiya muammolari muhokama qilindi
2025-02-17 10:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi sharoitida insonlarning faolligini oshirish bo‘yicha “Ipak yo‘li deklaratsiyasi”ni qabul qilish tashabbusi muhokamasiga asosiy e'tibor qaratildi. Hujjatni 2025-yil 4–5-aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birinchi Samarqand iqlim forumi doirasida tasdiqlash taklif qilinmoqda.
Vazir hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘li hududlarda migratsiya muammolarini o‘rganish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish va Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Iqlim konferensiyasida taqdim etilishi rejalashtirilgan Hududiy yashil rivojlanish konsepsiyasiga hissa qo‘shishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Moslashuv milliy rejasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishi oqibatida havo haroratining ko‘tarilishi va jazirama to‘lqinlarining migrantlar salomatligiga ta’sirini baholash” qo‘shma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini imzolashdi.
2025-yilning fevralidan 2026-yilning mayigacha amalga oshiriladigan loyihaning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
— migratsiya, ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ikki tomonlama brifinglar o‘tkazish;
— O‘zbekistonning milliy qonunlari, me’yoriy hujjatlari, strategiya va rejalarini xaritalash va tahlil qilish;
— Haroratning ko‘tarilishi va jazirama to‘lqinlarining migrantlar va ularning oila a’zolari salomatligiga ta’siri bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
— Iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan boshqa tadbirlar.
Uchrashuv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan ekologik va migratsiya muammolarini hal etishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.