Tungi reyd: Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi
2025-02-12 13:00:00 / Yangiliklar
![Tungi reyd: Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fcc3f59d3-78d5-31cf-ab40-f47b3ab42e16_lists_slider_35858.jpg&w=3840&q=75)
Bunda 70 nafar xodimdan iborat 6 ta ishchi guruh tuzilib, Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlaridagi 40 dan ortiq issiqxona faoliyati koʻzdan kechirildi. Oʻrganish davomida ayrim issiqxonalar atmosferaga meʼyoridan ortiq zararli moddalar chiqarayotganligi, filtr oʻrnatilmaganligi va boshqa huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Natijada 26 ta issiqxonaga ogohlantirish berildi va 2 ta issiqxona egasiga belgilangan talablarni bajarmaganligi yuzasidan maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanildi.
Taʼkidlash joizki, Ekologiya vazirligi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmalari, Prokuratura organlari, Favqulodda vaziyatlar boʻlimi, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Bu ishchi guruhlar tomonidan kuz-qish mavsumida issiqxonalar faoliyati yuzasidan doimiy ekologik nazorat reyd tadbirlari oʻtkazib kelinadi. Jumladan, joriy kuz-qish mavsumida Toshkent viloyati va Toshkent shahri hududlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan meʼyordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora koʻrish maqsadida oʻrganish oʻtkazildi. Bugungi kunga qadar jami 630 ta issiqxonada oʻrganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi.
Fakt!
Issiqxonalarning 396 tasi faoliyat yuritayotganligi va 234 tasi (Zangiota tumanida 77 ta, Qibray tumanida 12 ta, Toshkent tumanida 24 ta, Yunusobod tumanida 108 ta, M.Ulugʻbek tumanida 1 ta, Yashnabod tumanida 9 ta, Bektemir tumanida 3 ta) mavsumiy boʻlganligi, yaʼni qozonxonasi yoʻqligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish davomida isitish mavsumi davomida issiqxonada dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 58 ta issiqxona egalariga maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, 103 tasining faoliyati toʻxtatildi, 396 ta faoliyat yuritib kelayotgan issiqxonalar egalariga ekologik talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilgʻi sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirish koʻrsatmalari berildi.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.