Bog‘chalardan birida kobra ilonlari bilan tomosha ko‘rsatilgani holati o‘rganildi
2025-01-22 12:00:00 / Yangiliklar
Holat Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor ekologik nazorat guruhi tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijasida voqea Piskent tumanidagi MTMlaridan birida tumanning Birlik MFYda yashovchi J.X. tomonidan sodir etilganligi, u tomosha uchun 2 ta zaharli kobra ilonidan foydalanganligi ma'lum bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash, shuningdek, ulardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunning 43-moddasida ham bu holat alohida qayd etilgan.
J.X.ga tegishli ilonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi. Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar esa holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida sud organlariga topshirildi.