Noqonuniy baliq ovlash natijasida tabiatga qariyb yarim milliard so‘mlik zarar yetkazildi
2025-01-20 15:30:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini nazorat qilish bo‘limi tomonidan noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Jizzax viloyati Arnasoy tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida o‘tkazilgan reyd davomida Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi S. M. va S. S. noqonuniy baliq ovlagani uchun ushlandi.
Tekshiruv davomida qoidabuzarlar yonida 145 kg.ga yaqin baliq va baliq ovlash vositalari borligi aniqlandi. Hodisa oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 487 million so‘mni tashkil qilgan.
Holat yuzasidan sud organlariga taqdim etish va qonuniy choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar tayyorlandi.