“Zomin togʻlari” YUNESKO Butunjahon milliy tabiiy merosi roʻyxatiga taqdim etildi
2024-10-03 16:00:00 / Yangiliklar
Mazkur nomzodnoma Ekologiya vazirligi mutaxassislari, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi “H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” davlat muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya va Botanika institutlari, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy universiteti tadqiqotchi-ekspertlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan Zomin davlat qoʻriqxonasi va Zomin milliy tabiat bogʻiga amalga oshirilgan ekspeditsiyalar davomida olingan ilmiy maʼlumotlardan foydalanilgan holda tayyorlandi.
Taʼkidlash joizki, “Zomin togʻlari” Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga nomzodnomasi taqdim etilayotgan ilk milliy tabiiy meros obyektidir. Hozirga qadar mazkur nufuzli roʻyxatga transchegaraviy tabiiy obyektlar - Gʻarbiy Tyan-Shan togʻi (2016-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston tomonidan kiritilgan) va Moʻtadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi/2023-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston tomonidan kiritilgan) kiritilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz hududidagi Chotqol biosfera qoʻriqxonasi 1978-yilda va Quyi Amudaryo davlat biosfera qoʻriqxonasi (2021-yilda) YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmogʻidan joy olgan.
Ayni vaqtda “Zomin togʻlari” milliy tabiiy meros obyekti dastlabki nomzodnomasi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi tomonidan YUNESKOning Butunjahon merosi markaziga yuborildi. YUNESKO mezonlariga muvofiq qabul qilingan nomzodnomalar ikki yil ichida koʻrib chiqiladi.