Tabiiy qum qazib olinishi natijasida tabiatga 6 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
2024-07-22 17:35:00 / Yangiliklar
Qamashi tumani "Sarbozor" MFY hududidan oqib o‘tuvchi "Qashqadaryo" daryosida olib borilgan reyd davomida daryo o‘zanidan noqonuniy tarzda tabiiy qum qazib olinganligi ma‘lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, bir holatda 1743,7 metr kub tabiiy qum qazilgan va tabiatga 2 milliard 615 million 550 ming so‘mlik zarar yetkazilgan. Ikkinchi holatda esa 2465 metr kub tabiiy qum qazib olingani va tabiatga 3 milliard 697 million 500 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Har ikki holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar aybdorlarni aniqlash, holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Ma'lumot uchun, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Bu davrda qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.