audio

    0+
    Respublikamizning 6 ta muhofaza hududlari moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi

    18-iyul kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentida mamlakatimizning 6 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlariga (METH) texnika vositalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda “Orol suv-botqoq yerlari” loyihasi rahbari A. Ismatov, Muhofaza etiladigan tabiiy tabiiy hududlar departamenti boshlig‘i v.v.b. O.Eshimov, "Oqtog‘-Tomdi" davlat qo‘riqxonasi, Xorazm milliy tabiat bog‘i, "Orolqum", "Markaziy Qizilqum", "Orolbo‘yi" milliy tabiat bog‘lari, shuningdek, "Barsakelmes" davlat qo‘riqxonasi vakillari ishtirok etdi.

    Muhofaza etiladigan hudud vakillariga kasbiy ehtiyojlar uchun zarur asbob-uskunalar va ish uchun texnik jihozlar (durbin, fotoapparatlar, navigatorlar, printer, chodirlari, dala kiyimlari, uxlash uchun qoplar), fotoqopqonlar, shuningdek, qayta zaryadlanuvchi qurilmalar topshirildi. Bu qo‘riqlanadigan hudud xodimlariga bir yil davomida monitoring o‘tkazish, insonlarning qo‘riqlanadigan hududlarga tashrifini kuzatish va qo‘riqxona rejimi buzilishining oldini olish imkonini beradi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Global ekologik fond (GEF) va Ekologiya vazirligining “ “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzulga uchragan yerlarida barqaror hayotni taʼminlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” (Aral Wetlands) qo'shma loyihasi doirasida keng turdagi uskunalar xarid qilindi.

    Loyihaning asosiy maqsadi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) atrofidagi samarali landshaftlarni, yer va suv resurslarini kompleks boshqarish, asosiy biologik xilma-xillikni taʼminlash bilan birgalikda tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekotizimlar barqarorligi va turmush sharoitini yaxshilashdan iborat.

    Loyihaning 3-komponenti doirasidagi ishi bioxilma-xillikka, global ahamiyatga ega boʻlgan muhim bioxilma-xillikni va yashash muhitini hamda turlarini himoya qilishda tahdid soladigan toʻgʻridan-toʻgʻri omillarini, muhofaza etiladigan hududlar tizimini kengaytirish va mavjud muhofaza etiladigan hududlarni boshqarish samaradorligini oshirishda manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali bartaraf etishga qaratilgan. Avvalroq Orolboʻyining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida inspektorlar va ilmiy xodimlar faoliyatini yaxshilash va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga moʻljallangan ikkita yoʻl tanlamas avtomobillar, ikkita kvadrosikl taqdim etilgan edi.

    Ma'lumot uchun, loyiha doirasida jami 8 ta METHga texnika vositalari topshirish maqsad qilingan. "Sudoche-Akpekti" davlat qo‘riqxonasi va Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘iga ham texnikalar topshiriladi.

    • view_icon 271
    : 2024-08-12 12:26:49