Xitoyning chiqindilarni energiyaga aylantiruvchi yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
2024-07-16 17:25:00 / Yangiliklar
Unda vazirlik vakillari, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi va Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi mas'ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Xitoy tomoniga respublikada chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammolar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, chiqindi morfologiyasi, hajmi va yonish darajasi hamda sohada investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va kafolatli imtiyozlar haqida umumiy ma'lumotlar keltirildi.
O‘z navbatida, hamkorlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Xitoy delegatsiyasi vakillari chiqindilarni boshqarishda Vyetnam tajribasi bilan bo‘lishib, chiqindilarni yoqish orqali energiya olish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shu o‘rinda, yurtimizda ham Vetnam tajribasidan kelib chiqib, qurilish va faoliyat yuritish uchun 30 yillik investitsiya muddati taklif qilindi.
Yakunda mehmonlar Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi va Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi faoliyati bilan tanishtirildi.
Shu bilan birga, Xitoy delegatsiyasi vakillarini Buxoro, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi chiqindi poligonlari hamda oqova suv tozalash inshootlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, “China Everbright Environment Group Limited” qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning eng yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Katta tajriba va ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi hamda oqova suvlarni qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.