Surxondaryoda dron orqali g’alladan bo’shagan yer maydonlarini yoqish bilan bog’liq huquqbuzarliklar aniqlandi
2024-06-20 14:45:00 / Yangiliklar
Jumladan, viloyat Ekologiya boshqarmasining tezkor guruhi tomonidan o’tkazilgan reydlar davomida viloyatning Qumqo’rg’on va Jarqo’rg’on tumanlarida somon qoldiqlari yoqilishi bilan bog'liq 15 ta holat aniqlandi.
O'rganishlar davomida somon qoldiqlari yoqilishi oqibatida Qumqo’rg’on tumanida dala chetidagi 18 tup mevali va manzarali daraxtlar, Jarqo’rg’on tumanida esa ihota sifatida ekilgan 154 tup tut daraxtlari kuyishiga olib kelganligi ma'lum bo'ldi.
Ma’lumot o’rnida, somon poya qoldiqlari yoqilishi oqibatida atmosfera havosiga juda koʻp miqdorda (toksik) zaharli moddalar – uglerod oksidi (SO), azot oksidi (NOx), azot 2 oksidi (NO2), benz(a)piren dioksin, dibenzofuran, oltingugurt oksidi, fosgen kabi inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazuvchi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Olovning yuqori harorati ta'sirida tuproq tarkibidagi makro va mikro elementlar yoʻqoladi. Ekinzorlarning ball boniteti keskin pasayadi va tuproq unumdorligi kamayadi.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan fermer xo’jaliklari mas'ullariga nisbatan O’zbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasi 3-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.
Hozirda to'plangan hujjatlar huquq tartibot organlariga taqdim etish uchun tayyorlanayotgani ma'lum qilinadi.