Suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish sohasida BMT YeIK bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
2024-05-03 19:40:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda tomonlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi joriy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xususan, xorijiy tomon O‘zbekistonning Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyaning Suv va salomatlik to‘g‘risidagi Protokoliga qo‘shilishini olqishladi.
Shu bilan birga, T.Molchan Axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va atrof-muhit masalalari bo‘yicha odil sudlovdan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyaga (Orxus konvensiyasi) qo‘shilish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi.
Uchrashuvda suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini favqulodda vaziyatlarda ifloslanishdan himoya qilish sohasida yangi loyiha bo‘yicha qo‘shma ijobiy harakatlar muhokama qilindi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistonda ichimlik suvi sifati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi toʻgʻrisidagi hisobotlarini inobatga olgan holda, suv sifati boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish uchun yevropalik mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvdan so’ng mehmonlarni havo sifati monitoringi va ekologik qoidabuzarliklarga javob berishning onlayn tizimi hamda chiqindilarni yig‘ish va tashish uskunalarini kuzatish tizimi bilan tanishtirish maqsadida vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziga tashrif uyushtirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldilar.