KUYDIRGI KASALLIGI
2025-03-14 08:05:00 / Yangiliklar

Kuydirgi kasalligi–odamlar va hayvonlarga mansub o‘ta havfli yuqumli kasalliklar guruhiga kirib, organizmning umumiy zaharlanish holati, bezgak tutishi hamda teri, o‘pka va ichaklar zararlanishi bilan ta’riflanadigan infeksion kasallikdir. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xo‘jalik, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi.
Kuydirgi qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan kasallikdir. Adabiyotlarda ma’lum bo‘lishicha Abu Ali ibn Sino, Gippokrat, Gomer, uni xayvonlardan odamlarga yuqadigan kasallik deb ta’riflashgan. 1789 yil rus olimi S.Andreyevskiy tomonidan ko‘p tarqalgan yazvali kasallikning, insonlar va hayvonlarga yuqishi isbotlanib, bu kasallikni davolash va profilaktikasini ishlab chiqib “Sibirskaya yazva” (sibir yarasi) deb atashni tavsiya etgan.
Kasallik dunyoning ko‘p davlatlarida qayd etilgan, O‘zbekistonning turli viloyatlarida sporadik shaklda uchraydi.
Kuydirgi kasalligini qo‘zg‘atuvchisi “Bacillus antrax” aerob harakatsiz tayoqcha tashqi sharoitda kapsula va spora hosil qilish xususiyatiga ega va fizik hamda kimyoviy ta’sirlarga o‘ta chidamli bo‘lib tuproqda bir necha o‘n yillar mobaynida saqlanib qoladi.
Kuydirgi kasalligining manbai asosan kasallangan hayvonlar va kasallik o‘chog‘i hisoblanadi. kasallangan hayvonlar kuydirgi qo‘zg‘atuvchisini so‘lakgi, siydigi va najazidan ajralib tuprok, yem-xashak, yaylov, suv xavzasi va boshka yerlarni ifloslantiradi..
Kuydirgi kasalligiga ko‘proq qoramol, qo‘y, echki, ot va tuyalar moyil, cho‘chqalar, yovvoyi hayvonlar ham kasallanadi.
Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan xayvonni parvarish qilgan vaqtida, veterinariya xizmati xodimlari kurigidan utmagan xayvonlarni suyib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol kilganda yuqishi mumkin, Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil mo‘yna buyumlar orqali ham kasallik yuqishi mumkin. Hayvon terisidan tayyorlangan palto, gilam xatto sovun suriladigan cho‘tka orqali ham yuqadi. Kuydirgi kasalligidan asosan cho‘pon, veterinariya xodimlari, qushxona, teri zavod ishchilari, eski tuski qabul qiladigan punkt xodimlarida extiyot bo‘lishlari kerak.
Kuydirgi kasalligi bahor, kuz fasllarida ko‘proq uchraydi bu fasllarda hayvonlar ko‘proq yaylovda boqilib, o‘t va tuproq bilan kuydirgi mikrobi organizmga tushushi mumkin, boshqa hollarda mikrob suvdan, nafas yo‘llari, shilingan teri meda ichak shilliq pardalari va havo yo‘llari orqali o‘tadi. Kuydirgiga shubha qilingan o‘lgan hayvonlarni so‘yish, qat’iyan man etiladi. Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvonlarning jasadi ko‘zdan kechirilganda belgilariga ahamiyat beriladi, jasad shishib ketadi, qotmaydi, tabiiy teshiklardan qon ajratmasi chiqib turadi, qon qoramtir bo‘lib ivimaydi, qon quyilgan bo‘ladi. Kuydirgi kasalligidan molxonada yoki yaylovda o‘lgan bo‘lsa, birinchi navbatda veterinariya xodimlariga murojaat etishlari karak, jasadni joyida kuydirib yo‘q qilinadi jasad joyi dezinfeksiya qilinib betonlanadi, atrofi panjara bilan o‘ralib doimiy nazoratga olinadi.
Kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarda tana haroratining ko‘tarilishi pul’s va nafas olishning tezlashishi, shilliq pardalarda yaralar, qorin damlashi, hiqildoq hamda tomoqlarida shish paydo bo‘lishi otlarda sanchiq kuzatiladi, bo‘g‘oz hayvonlarda bola tashalashi mumkin kasallik 2-3 kun davom etadi. Yarim o‘tkir shaklda klinik belgilari bilan namayon bo‘ladi. Surunkali shaklda hayvon tez ariqlaydi. Tomoq orqasi linfa tugunlari zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik o‘tkir va yarim o‘tkir kechishida tananing boshqa qismlari teri va teri osti kletchatkasida qattiq og‘riqli shish paydo bo‘ladi xamirsimon sovuq og‘riqsiz do‘ngcha ko‘rinishini oladi va shu joyda yara paydo bo‘ladi. Oshqozon ichak yo‘l faoliyati buziladi. O‘pka shakli o‘tkir shishadi, yutish va nafas olish qiyinlashadi va yo‘tal paydo bo‘ladi. Ba’zan cho‘qalarda kasallik belgilari namoyon bo‘lmaydi, hayvon so‘yilgandan keyin aniqladi. Taloq 3-4 baravar kattalashadi.
Kasallikning oldini olish uchun quyidagilarga amal qilish shart:
- chorvachilik fermalari, qushxonalar, jun, teri, go‘sht, sutni qayta ishlash korxonalari ish jarayonida veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilishlari, har yili chorva mollari emlanishi va veterinariya xodimlari nazoratida bo‘lishlari lozim;
- mol bozoridan sotib olinadigan qoramollar veterinariya xizmati xodimlari tomonidan nazorat o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi bo‘lishi shart;
- veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht va sut mahsulotlarini iste’mol qilmaslik shart;
- kasallik alomatlari paydo bo‘lganda o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilish shart.
Xulosa qilib aytganda, kasallikning oldini olishda chorva mollarini xar yili profilaktik emlash muhim ahamiyatga ega chunki kasallik mikroblari tuproqda bir necha o‘n yillab saqlanib qolishi doimo kasallik paydo bo‘lishi xavfini tug‘diradi.
Sh. Oripov,
Tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i
