“MWC Barcelona-2025” doirasida “Digital Economy Development Forum” tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025-03-04 12:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tayotgan “MWC Barcelona-2025” Jahon mobil kongressi doirasida Huawei kompaniyasi tomonidan “Digital Economy Development Forum” mavzusiga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etildi. Ushbu forum raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) barqaror rivojlanishdagi o‘rni hamda global miqyosdagi ilg‘or tajribalar almashinuvi masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirni Huawei kompaniyasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini boshqarish kengashi raisi D. Vang ochib berdi.
Mazkur forumda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, “Raqamli texnologiyalar va iste’dodlar raqamli iqtisodiyot uchun barqarorlikni yaratadi” mavzusida nutq so‘zladi va ishtirokchilarni O‘zbekistonga taklif etdi.
O‘z chiqishida vazir O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, IT sohasidagi yirik loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, raqamli infratuzilmani kengaytirish va telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, IT-ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish orqali yosh mutaxassislar tayyorlash, Startap ekotizimini rivojlantirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, chet el kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
“Digital Economy Development Forum” O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotga asoslangan ekotizimni yanada rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.