“MWC Barcelona-2025” kongressida Toshkent shahrida “GSMA M360 Eurasia 2025” mintaqaviy tadbiri oʻtkazilishi e’lon qilindi
2025-03-04 08:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Ayni kunlarda Ispaniyaning Barselona shahrida “MWC Barcelona-2025” Jahon mobil kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligidan iborat delegatsiya vakillari ham ishtirok etmoqda.
Jahon mobil kongressi – dunyodagi eng yirik AKT sohasidagi, shu jumladan, mobil sanoatidagi koʻrgazma va kongresslaridan biri boʻlib, butun dunyo boʻylab mobil aloqa operatorlari, yirik IT-kompaniyalarni va aloqa maʼmuriyatlarini birlashtiradi.
Kongress doirasida yetakchi mutaxassislar va bozor ekspertlari AKT sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qiladilar hamda so‘nggi texnologik yutuqlar taqdimotlarini o‘tkazadilar.
Kongress ishtirokchilari orasida yetakchi xalqaro IT-kompaniyalar – texnologik asbob-uskunalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, telekommunikatsiya va mobil aloqa operatorlari, milliy IT-bozorlari vakillari bor.
Mazkur tadbir doirasida dunyo mamlakatlari AKT Vazirlarining dasturi – “Global texnologiyalarni boshqarish” sessiyasi oʻtkazildi.
AKT Vazirlarining dasturi vazirliklar, tartibga solish organlari, xalqaro tashkilotlar va texnologiya kompaniyalari rahbarlarini bir yerda jamlab, yuqori darajali menejerlar oʻrtasida bevosita muloqotni tashkil etish, tajriba almashish va raqamli texnologiyalari sanoatini tartibga solish bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirda Vazir Sh.Shermatov ishtirok etdi hamda joriy yilning 21-22-may kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “GSMA M360 Eurasia 2025” mintaqaviy tadbiri oʻtkazilishini e'lon qilib, barcha xorijiy tashkilotlarni hamda yetakchi IT kompaniyalarni ushbu tadbirda ishtirok etish va O'zbekistonning IT salohiyatidan bahramand boʻlishga chorladi.
Ma'lumot uchun: “MWC Barcelona-2025” tadbiri doirasidagi sessiyalarida AKT sohasidagi soʻngi texnologiyalar namoyish etilib, yangi mobil aloqa texnologiyalarini ishlab chiqish, mobil aloqaning kelgusidagi strategiyasi, yangi GSM mobil aloqa standartini shakllantirish, 5G/LTE tarmoqlarini joylashtirish va qurish, internet, aloqa va maʼlumotlar xavfsizligi, sunʼiy intellekt, aqlli shaharlar, mobil tijorat, mobil ilovalarni ishlab chiqish, ochiq mobil aloqa tizimlarini joriy etish, mobil aloqa xizmatlari va boshqalar koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Forum doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining bir qator xorijiy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi va konferensiyalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.