Kanadaning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
2025-02-21 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov Kanadaning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchisi Kristofer Dagan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida Kanada elchisi O‘zbekistonda raqamlashtirish, telekommunikatsiya va IT sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida raqamli iqtisodiyot, IT-ta’lim va IT-xizmatlar eksporti sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar mavjud imkoniyatlarni yanada rivojlantirish, jumladan, Kanada kompaniyalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilishdi.
Elchi Kristofer Dagan Kanadaning yetakchi IT-kompaniyalarini O‘zbekistonda soha uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u axborot almashinuvi va tajriba ulashish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli hamkorlikni rivojlantirishda Kanada elchixonasi o‘z imkoniyatlari doirasida har tomonlama ko‘mak berishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida raqamli hamkorlikni mustahkamlash hamda aloqalarni kengaytirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.