“Future of Education” forumida ta’limning kelajagi muhokama qilindi
2025-02-12 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda “Ta’lim global o‘zgarishlarga qanday moslashadi?” mavzusidagi vazirlar paneli muhokamasi o‘tkazildi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Panel sessiyasida global o‘zgarishlar sharoitida ta’lim tizimini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, kelajak kasblariga mos kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritib, ta’lim tizimini mehnat bozori talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumati ta’limda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga, IT sohasidagi malakali kadrlar tayyorlashga va yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga katta e’tibor qaratayotgani qayd etildi.
Tadbir davomida turli davlatlar vakillari ta’lim sohasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy texnologiyalar yordamida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.