“Yulduz Tech Awards”: IT sohasidagi xotin-qizlar taqdirlandi
2024-12-24 22:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vazirligida IT sohasidagi xotin-qizlarning yutuqlariga bag‘ishlangan birinchi “Yulduz Tech Awards” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadlari:
• Xotin-qizlarning IT rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish;
• Ularni qo‘llab-quvvatlash va motivatsiya berish;
• Professional aloqalarni mustahkamlash.
Tadbir davomida 20 dan ortiq xotin-qizlar IT sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun mukofotlandi. Ularga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari, statuetkalar va 6 oylik Coursera platformasida bepul ta’lim olish imkonini beruvchi vaucherlar topshirildi.
Vazirlik rahbarlarining nutqlari
Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos o‘z nutqida shunday dedi:
“Biz IT sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston iqtidorli yoshlarga boy va texnologiyaga intiluvchan, ijodkor qizlarimiz har doim oldingi safda. Xotin-qizlarning texnologiya sohasidagi imkoniyatlarini oshirish bu milliy g‘urur va kelajakka sarmoya. Birgalikda har bir qizning raqamli dunyoda o‘z hissasini qo‘shishi uchun inklyuziv va innovatsion jamiyat yaratamiz.”
Vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov esa shunday fikr bildirdi:
“Axborot texnologiyalari zamonaviy dunyoda nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar uchun ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayollar IT sohasida muvaffaqiyatga erishibgina qolmay, innovatsion yechimlar orqali global muammolarni hal qilishda ham katta hissa qo‘shmoqda.”
Tadbir doirasida texnologiyaga bag‘ishlangan intellektual viktorina tashkil qilindi. Unda ishtirokchilar IT rivojida xotin-qizlarning o‘rni haqida bilimlarini namoyish etdi. G‘oliblar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Coursera platformasidan foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Platformada ta’lim olayotganlarning 49 foizini xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu mamlakatda raqamli ta’lim va gender tengligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
“One Million Uzbek Coders”, IT-iste’dod, va “Xalqaro IT sertifikatlari uchun xarajatlarni qoplash” dasturlari orqali yoshlar uchun global ta’lim imkoniyatlari yaratilmoqda;
Gender tengligi va boshqaruv indeksi (GEGI)da O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Bu yutuqda ayollarning, ayniqsa, IT sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning hissasi katta bo‘ldi.
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova o‘z nutqida ta’kidladi:
Mamlakatimizda IT sohasida rivojlanayotgan iqtidorli xotin-qizlarning yangi avlodidan faxrlanamiz. Ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Ularning professional rivoji va muvaffaqiyati uchun imkoniyatlar yaratishda davom etamiz.”
Tadbir tajriba almashish, aloqalarni rivojlantirish, murabbiylik va ta’lim tashabbuslarini muhokama qilish maydoniga aylandi. Tashkilotchilar ushbu mukofotni har yili o’tkizishni rejalashtirmoqda.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yandex, TBC Bank Uzbekistan, IT Park, Korzinka, ZTE, Click, Qand, IT ta’limi assotsiatsiyasi, Women in Tech Uzbekistan, Lerna va IT Ladies hamjamiyatlari ko‘magida tashkil etildi.
IT ta’limi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda barcha yetakchi kompaniyalarni IT sohasida xotin-qizlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash tashabbuslariga qo‘shilishga chaqiramiz. Bu tashabbus ayollarning texnologik imkoniyatlarini oshirish bilan birga, mamlakatimizning raqamli taraqqiyotini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.