Germaniya taraqqiyot bankining “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish bo'yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi
2024-11-23 09:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun barcha vazirlik, davlat idora va tashkilotlarida qog‘ozbozlik amaliyotidan to‘liq voz kechilib, elektron ma’lumot almashish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu orqali ortiqcha ovoragarchilik, byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yilishi barobarida, ochiqlik va oshkoralik ta’minlanyapti.
Xususan, O‘zbekiston tibbiyotini transformatsiya qilish jarayonida ham xuddi shu talab va ehtiyojlar alohida hisobga olingan. Prezidentimizning 2023-yil 1-maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadni ko‘zlab qabul qilindi.
Unda sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish, sohaning barcha darajalaridagi davolash-profilaktika muassasalari uchun ma’lumotlar bazasi kompleksini joriy etish, dasturiy ta’minot va elektron platformani ishlab chiqishga doir ustuvor vazifalar belgilangan.
Xususan, qarorda “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi Germaniya taraqqiyot banki (KfW banki) kredit va grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. Raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish — mazkur istiqbolli loyihaning birinchi tarkibiy qismidir.
Ushbu muhim vazifa ijrosi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJ o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Raqamli sog‘liqni saqlash platformasi sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha tibbiyot muassasalari yagona platformaga integratsiya qilinadi. Qolaversa, tibbiyot muassasalari va davlat tashkilotlari o‘rtasida to‘liq elektron ma’lumot ayirboshlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa tizimda vaqt va resurslarni tejash imkoniyatini yuzaga keltiradi.
Hamkorlik shartnomasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov va “UZINFOCOM” MCHJ bosh direktori Emil Gimranov tomonidan imzolandi.