“CAREC Women’s Business Forum va Gender Climate 2024 Award Ceremony” doirasida gender tengligi, ayollar tadbirkorligi va barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni kabi muhim mavzular muhokama qilindi
2024-11-08 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda xotin-qizlarning rolini oshirishga qaratilgan. Forum mintaqadagi yetakchi tadbirkor ayollar, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir joyga to‘plab, ularga o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini beradi.
Navbatdagi tadbir Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova texnologiya orqali STEAM sohalarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan panel sessiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda ushbu sohalarning iqlim o‘zgarishiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, jumladan, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan yechimlar muhokama qilindi.
Kamola Sobirova ayollarning ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Panel sessiyada ishtirokchilar texnologik innovatsiyalar va ayollarning yetakchi roli orqali ekologik inqirozning oldini olish, iqlim muammolarini hal qilish uchun yangi loyihalar va barqaror yechimlar ishlab chiqish yo‘llarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan sessiyalar xotin-qizlar boshchiligidagi iqlimga chidamlilik tashabbuslarini rivojlantirish va amaliy tadqiqotlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, iqlim bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ayollarning ishtirokini kuchaytirish strategiyalari yuzasidan fikr almashildi.