10 mingdan ziyod IT sohasiga qiziqqan xorazmlik maktab o‘quvchilari “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasida bepul o‘qish uchun saralash imtihonlaridan o‘tishdi
2024-09-30 08:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning iyun oyida saylovoldi dasturi bilan Xorazmga tashrifi chog'ida istiqbolda viloyatning “tashrif qog‘ozi” IT sohasi bo‘lishini ta’kidlab, Xorazmda 2024-yildan boshlab “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi amalga oshirilishini aytgan edi. Bu tizim “maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT ta’lim va xizmatlar zanjirini yaratishi bilan o’ziga xosdir.
Tashabbus doirasida, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2023-yilning 4-choragidan boshlab, viloyatda “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
“Muhammad Al -Xorazmiy vorislari” - bu, yuqori sinf o‘quvchilarini hech qanday o‘quv markazlari va oliy ta’lim diplomisiz ham xalqaro IT bozoriga tayyor mutaxassis qilib chiqarishni, maqsad qilgan, kadrlar tayyorlashning noyob dasturidir.
Birinchi bosqichda Xorazm viloyatining 13 tumanida zamonaviy ta’mirlangan “IT Park” binolari qurib bitkazildi. Ushbu binolarda birinchi bosqichda saralab olingan o‘quvchilar eng kuchli 50 nafardan ortiq mentorlardan tahsil olishmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida 3000 nafar o‘quvchidan 1200 nafari saralab olingan bo‘lib ularga frontend, backend dasturlash va ingliz-tili o‘rgatilmoqda.
O‘quvchilar ushbu darslarda olgan bilimlari natijasida mustaqil ravishda web-sayt va ilovalar yaratishni boshlab yuborishgan. Jumladan o‘quvchilarga veb ilovalarni nusxalash usuli yordamida dasturlash darslari o‘tilmoqda va o‘quvchilar dars vaqtining o‘zida murakkab veb-saytlarni yaratishmoqda. Qolaversa, ingliz-tilidan olingan bilimlar yuzasidan o‘tkazilgan imtihonlarda esa o‘quvchilar yuqori natijalarini namoyish etishmoqda.
Ikkinchi bosqich qabuliga qiziqish bildirgan 10200 nafarga yaqin 7-10-sinf o‘quvchilari orasidan tanqidiy va mantiqiy fikrlash, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va yechim topish kabi yo‘nalishdagi testlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 3000 nafar o‘quvchilar saralab olinadi. Loyiha qatnashchilari maktabni bitirgunlariga qadar darsdan tashqari vaqtda saralab olingan malakali mentorlardan dasturlash va ingliz tilini bepul o‘rganadilar.
Aytish joizki, Xorazm viloyati Respublikamiz hududlari orasida raqamlashtirish bo‘yicha yetakchilardan sanaladi. Hududda xorijga IT-xizmatlar eksport qiluvchi 43 ta IT-Park rezidentlari mavjud bo‘lsa, ularda faoliyat olib boruvchilar soni 400 nafardan oshadi. Viloyatdagi IT-eksportyor korxonalar tomonidan 2023-yil mobaynida IT xizmatlar eksporti 4 barobarga oshib, 1,5 mln AQSh dollari miqdorini tashkil qilgan. Bu raqamlarning tezkor o‘sib borayotgani o‘z navbatida, keyingi yillar mobaynida sohada kadrlarga bo‘lgan yuqori ehtiyojni keltirib chiqaradi.
Shularni hisobga olib, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasida o‘quvlar hududdadi IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda, mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishni ko‘zda tutilgan. Xususan, dasturchilik bilimlari bilan birgalikda, o‘quvchilarda loyihalarni amalga oshirish, jamoada ishlash, taklif va g’oyalarni taqdim qila olish, ijodiy fikrlash kabi shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga diqqat qaratiladi. Bitiruvchilar axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikat olish darajasida tayyorlanadi hamda xalqaro IT-bozoriga yo‘naltiriladi.
“Maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT ta’lim va xizmatlar zanjiridan iborat “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini 2028-yilga qadar uch boqichda Respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab yo‘lga qo‘yish belgilangan. Loyiha natijasida 50 mingta maktab bitiruvchilari mehnat bozoriga tayyor kadr bo‘lib yetishib, mahalliy kompaniyalar orqali xalqaro IT bozoriga yo‘naltiriladi. Natijada, 360 million dollarlik xizmatlarni eksport qilish salohiyatiga ega ishchi kuchi shakllanadi.
Aytish joizki, ayni paytda jahonda, xususan O‘zbekiston mehnat bozorida ham raqamli texnologiyalar sohasidagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj eng yuqori sanaladi. Binobarin, eng yuqori ish haqi ham IT mutaxassislariga taklif qilinmoqda. Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi tomonidan amalga oshirilgan IT mehnat bozori tahlili ham O‘zbekiston sharoitida dasturchilarga 20-50 mln so‘m oylik to‘laydigan bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p ekanini ko‘rsatadi.
Jumladan, elektron vakansiyalar portallarida ham dasturchi, dizayner, ma’lumot tahlilchisi, axborot xavfsizligi va IT-mutaxassisi, loyiha va mahsulot menejerlari lavozimlariga bo‘sh ish o‘rinlari soni bir necha mingdan oshadi.
“Al-Xorazmiy vorislari” loyihasi O‘zbekiston Respublikasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar hajmini 2030-yilgacha 5 milliard AQSH dollariga yetkazish va 300 ming nafar yoshlarni IT sohasiga tayyorlash yo‘lida asosiy bo‘g‘inlardan biri hisoblanadi.