“Raqamli hukumat: istiqbolli rejalar va to‘siqlar” forumida raqamlashtirish sohasidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikrlar almashildi
2024-09-18 19:55:00 / Vazirlik yangiliklari
“ICTWEEK UZBEKISTAN 2024” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan “Raqamli hukumat: istiqbolli rejalar va to‘siqlar” forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda raqamli hukumatni rivojlantirishdagi dolzarb muammo va to‘siqlarni aniqlash, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli rejalarni belgilab olish orqali fuqarolarning davlat xizmatlaridan yanada tezkor, qulay va xavfsiz foydalanishini taʼminlash, davlat xizmatlarini bundanda samarali, shaffof va ishonchli tarzda taqdim etishga erishishdan iborat.
Tadbirda davlat tashkilotlarining rahbar xodimlari va raqamlashtirishga masʼul vakillari hamda fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etib, raqamli hukumat sohasidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Forumda Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Birlashgan Millatlar Tashkilotining har ikki yilda o‘tkaziladigan elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekistonning 6 pog‘onaga yuqorilab, 63-o’rinni egallagani va indeksning juda baland (Very High EGDI) guruhiga qo‘shilganini ta’kidladi.
Forum doirasida raqamlashtirish jarayonlarida davlat idoralarining o‘zaro hamkorligi, Davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazishdagi mavjud muammolar, fuqarolarning raqamli savodxonligini oshirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishga jalb qilish strategiyalari, jamoat transporti harakatini raqamlashtirish orqali optimallashtirish, yo‘llarda qulayliklar yaratish, transformatsiya jarayonlarida inklyuzivlik va barcha fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, “Аqlli shahar” loyihasini amalga oshirishdagi mavjud muammolar hamda Davlat idoralari axborot tizimlarining kiberxavfsizligini taʼminlash kabi masalalar muhokama etildi.