Hamma uchun muhim bo‘lgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun nega o‘zgartirilyapti?
2024-05-01 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda.
Ishdan va ish haqi (mehnat daromadi) dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Shuningdek, bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda.
Deputatlar tomonidan qonun loyihasida xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlarining aniq belgilab berilganligi hamda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilayotganligi kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi ish beruvchilar tomonidan mahalliy mehnat organlariga bo‘sh (vakant) ish o‘rinlarini taqdim etish jarayonini soddalashtirish, bandlik xizmatlarini ko‘rsatishda amaldagi turli muammolarni bartaraf etish va bandlikka ko‘maklashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
