audio

    18+
    Xususiy bandlik agentliklari (XBA) bilan davra suhbati o‘tkazildi

    Xususiy bandlik agentliklari (XBA) tashabbusiga ko‘ra, bugun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tizim tashkilotlari hamda XBA rahbarlari ishtirokida ochiq davra suhbati o‘tkazildi.

    Mazkur uchrashuv shanba kuni tashkil etilganiga ayrim ijtimoiy tarmoqlar tomonidan e'tibor qaratildi. Yuqorida qayd etilganidek, davra suhbati xususiy bandlik agentliklari tashabbusiga ko‘ra, ularning ko‘pincha xorij davlatlarida xizmat safarida bo‘lishi inobatga olinib tashkil etildi. 

    Uchrashuvda Prezidentimizning PF-59 son Farmoni mazmun-mohiyati tushuntirilib, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni qonuniy, xavfsiz hamda tashkillashtirilgan tarzda chet elga vaqtincha ishlash uchun yuborish masalalari xususida gaplashib olindi.

    Ta'kidlanganidek, xususiy bandlik agentliklari ishga joylashtirish xizmati uchun fuqarolardan haq olishi man etilgan edi. Bu o‘z navbatida xorijga tashkillashtirilgan holda ishga yuborish sohasida xususiy sektor ulushini keskin kamaytirgan. Prezident Farmoni bilan endilikda ularga xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini koʻrsatganda “akkreditiv” tartibda fuqarolardan pul olishga ruxsat etiladi. 

    Yig‘ilishda, turli konsalting firmalar, litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanayotgan qoʻshtirnoq ichidagi  “xususiy bandlik” agentliklar ko‘payayotgani va bu qonuniy faoliyat olib borayotgan xususiy bandlik agentliklari uchun zarar keltirayotgani aytib oʻtildi. Ayni muammo boʻyicha birgalikda kurashib, keskin choralar ko‘rilishi ma'lum qilindi.

    Davra suhbatida halol, pok ishlayotgan xususiy bandlik agentliklari qo‘llab-quvvatlanib, ularga barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi qayd etildi. Xususan, vazirlik chet davlatlar tomonidan taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlarini toʻldirish bo`yicha XBAlar bilan hamkorlikda ishni tashkil qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bunda albatta ularning mas'uliyat va javobgarligini oshirish lozimligi aytib o‘tildi.

    Xususiy bandlik agentliklari tomonidan chet elga yuborilgan fuqarolar u yerda ish topa olmay sarson-sargardon boʻlsa va muammolarga duch kelsa, ularni qaytarish boʻyicha vazirlik tomonidan barcha choralar koʻrilishi, xarajatlar XBA tomonidan jamgʻarmaga qoʻyilgan depozitdagi mablagʻ hisobidan amalga oshirilishi, jamgʻarmadan ishlatilgan pul miqdori oʻz vaqtida joyiga qoʻyilmasa, litsenziya vaqtinchalik toʻxtatilishi ta'kidlab o‘tildi.

    Samimiy davra suhbatida xususiy bandlik agentliklari vakillarining savollariga batafsil javoblar qaytarildi, takliflari tinglandi, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilanib, hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

    • view_icon 455
    : 2024-04-27 18:19:30