Olot: "Xalifa"da xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanmoqda
2025-03-07 15:15:00 / Yangiliklar

Olot tumani "Xalifa" mahallasida faoliyat boshlagan mahalliy tadbirkorlardan Nargiza Xo‘janiyozova boshqarayotgan korxonaga “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ijtimoiy muhofazaga olingan xotin-qizlardan 10 nafari dastlab o‘quv markazlariga jalb qilinib chevarlikni o‘zlashtirishganidan so‘ng ishga qabul qilingan.
Tikuv korxonasida mavsumga qarab Milliy liboslar tikib tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda malakali tikuvchilar tomonidan buyurtmaga qarab kelin liboslari va ayollar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.
– Xodimlarimizning 60 foizini ishsiz xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi Nargiza Xo‘janiyozova. – Biz esa qo‘lida tikuvchilik hunari yo‘q, ammo ishlashga ehtiyoji bor bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan band qilmoqdamiz. Xotin-qizlarga shu yerda ish o‘rgatiladi. Mijozlar uchun mahsulotlarni tayyor qilib chiqarishimizgacha 20 taga yaqin bosqichdan o‘tadi. Mahsulot sifatli bo‘lishi uchun har bitta bosqich alohida nazorat ostida amalga oshiriladi. Tikish ishlari alohida, dazmol, bezatish, tozalash uchun xodimlar biriktirilgan.
Ushbu korxonada tikilgan kiyimlar Toshkent shahri bozorlari va Qirg‘iziston hamda Turkmaniston Respublikalari bozorlariga yo‘naltirilmoqda.