Shofirkon: “Akramov Asqar zamini” fermer xoʻjaligida yiliga 120 tonnagacha goʻsht tayyorlanmoqda
2025-02-03 10:40:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib xoʻjalik umumiy yer maydoni 57 gektarni tashkil etayotgani holda shundan 15 gektar ekin yeri chorvachilik uchun moʻljallangan boʻlib, unda ozuqabop ekinlar, xususan, makkajoʻxori, oʻt beda, boshoqli don ekib yetishtiriladi. Qoramol tuyoq sonini koʻpaytirib borayotgan subyekt talab darajasida barpo qilingan ogʻilxonasi va chorva mollarini risoladagidek boqish uchun yetarli shart-sharoitga ega.
Shuningdek, “Akramov Asqar zamini” fermer xoʻjaligida har yili 20 gektar yerda rizq-roʻz manbai—sara bugʻdoy yetishtirilayotgan boʻlsa, qolgan 22 gektar maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo—paxta yetishtirish tajribasi oʻzlashtirilgan. Jamoa yakdilligi, yagona maqsad yoʻlida birlashib mehnat qilayotgani bois, fermer xoʻjaligi har yili bu tarmoqlarda barakali hosil yetishtirib, moddiy manfaatdorligini oshirmoqda. Oʻtgan yilgi gʻallakorlik mavsumi yakunida 60 tonnadan toshiq sara bugʻdoy jamoa aʼzolari ixtiyorida qoldirilgani ham bu fikrimiz dalili.
Birgina chorvachilikni olsak, xoʻjalik bu borada 2019-yildan beri faol ish olib bormoqda. Dastlab 100 bosh nasldor yirik shoxli qoramol xarid qilinib, ish boshlangan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich 250 boshga yetkazilgan. Shuningdek, xoʻjalikda 150 bosh mayda shoxli chorva moli—qoʻy-qoʻzi parvarishlanmoqda. Bu saʼy-harakat ortida esa avvalo fermer va uning oilasi, ahil jamoasi moddiy manfaatdorligini oshirish, qolaversa, ichki bozorda goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan talabni qondirish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsad qilingan.
Mahsuldorlikka kelsak, har oy fermer xoʻjaligi tomonidan oʻrtacha 10 tonna atrofida goʻsht mahsuloti ichki bozorga yetkazib berilayotgani unda ish salmogʻi va erishilayotgan daromaddan dalolatdir. Bu miqdor yil boʻyi amalga oshiriladigan mehnatga nisbatan olinsa, goʻsht soʻyib sotish hajmi 120 tonnagacha yetkazilayotgani katta yutuq, albatta. Qoramolchilik va boʻrdoqichilik tajribasi puxta oʻzlashtirilayotgani tufayli mahalliy aholi “Akramov Asqar zamini” fermer xoʻjaligi bilan hamkorlikka kirishib, hududda, aholi xonadonlarida chorvachilik rivojlanmoqda.
Mazkur xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish maqsadida yaqin ikki yilda qoramol sonini 400 boshga yetkazishni, qoʻshimcha molxona qurishni moʻljallab turibdi. Bu esa qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, qishloqda baʼzi ishsiz va kambagʻal oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash uchun yaxshi imkoniyat hamdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati