Chinozda pillachilik majmuasi barpo etiladi
2025-03-14 19:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha umumiy 9,7 gektar maydonda amalga oshiriladi. Shundan 4,6 gektar hudud ko‘chatchilik plantatsiyasi uchun ajratilgan bo‘lib, bu yerda tut ko‘chatlari yetishtiriladi. Bundan tashqari, 4,7 gektarlik maydon esa mavjud ko‘chatlar uchun ajratilgan. Qurilish ishlari uchun esa 4 sotix maydon ajratilgan bo‘lib, bu yerda pillachilik kompleksining asosiy infratuzilmalari barpo etiladi.
Loyiha ishga tushgach, 260 nafar fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa tumandagi bandlik darajasini oshirishga, aholi turmush sharoitining yaxshilanishiga va ipakchilik sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 8 milliard so‘mni tashkil etib, uni 2025-yilning ikkinchi choragida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish quvvatiga ko‘ra, majmua yiliga 350 quti ipak qurti yetishtirishi va 25 tonna tayyor hamda yarim tayyor pilla xomashyosini ishlab chiqarishi mo‘ljallangan.
Mazkur loyiha ipakchilik sohasida raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish, ipakchilik sanoatini modernizatsiya qilish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tut plantatsiyasi ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil hududlarni kengaytirishga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov loyiha bo‘yicha taqdimot jarayonida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishib, mutasaddilarga loyihani o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.