Ijtimoiy tarmoqlarda fermer xoʻjaliklarini qoʻshimcha shartnoma imzolashga majburlanayotganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligining munosabati
2024-09-25 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
– Jahon bozorida paxta tolasiga talab va takliflarning oʻzgarishlari natijasida paxta tolasining ayni kunlardagi narxlari Respublikamizda 2024-yil hosili uchun belgilangan prognoz narxlariga nisbatan pasayib ketgani hech kimga sir emas. Buning oqibatida yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomasida paxta tolasi uchun koʻrsatilgan narxlar bugungi kun real narxlariga toʻgʻri kelmayotganligi sababli ishlab chiqaruvchilar (yaʼni klasterlar) oʻz mahsulotlarini jahon bozorida sotishda juda katta zararga duch kelyapti.
Joriy yilgi yigʻim-terim davrida jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan fyuchers kotirovkalari boʻyicha paxta xom ashyosining boshlangʻich fyuchers narxlari bir tonnasi uchun 6 mln 800 ming soʻm atrofida shakllanayotganligidan kelib chiqib, past narx belgilanadigan boʻlsa fermerlar jabr koʻrishi mumkin.
Shu bois paxta yetishtirishuvchi fermerlar va uni qayta ishlovchi klasterlarning manfaatlarini birdek koʻzlagan holda, ularning katta miqdorda zarar koʻrmasliklari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi 574-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga koʻra, paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xom ashyosi (paxta-toʻqimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi hamda urugʻlik paxta bundan mustasno) uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan 1 mln soʻm miqdorida subsidiya ajratish koʻzda tutilgan.
Aynan mana shu qaror asosida paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga (ular yetishtirilgan paxta xom ashyosini yuqorida belgilangan tartib asosida realizatsiya qilishsa zarar koʻrmasligi uchun) davlat tomonidan yordam sifatida har bir tonna uchun subsidiya ajratib beriladi.
Alohida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan bir jihat borki, kuz faslining bugungi oʻzgaruvchan ob-havo sharoitida paxta hosilini yogʻin sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish nuqtai-nazaridan bu shartnomalarni jadallashtirish katta ahamiyatga ega.
Sababi bugun fermer oʻzi yetishtirgan mahsulotini shartnoma tuzish orqali topshirmasa va uni paxta qabul qilish maskanlariga eltib, u yerda elektron tarozi orqali “Agroplatforma.uz” ga joylamasa demakki, unga subsidiya berishni imkoni boʻlmaydi. Tabiiyki, terim puli ham chiqmaydi.
– Bundan tashqari bugungi kunda fermer oʻzi tayyorlagan mahsulotni taklif qilinayotgan shartlarda realizatsiya qilishga xohish bildirmasa, unda xom-ashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirishi imkoniyati yaratilgan. (Hammaga maʼlum paxta xom-ashyosi maxsus sharoitlarda buntlangan holda saqlanadi va yetishtiruvchi oʻz qaramogʻida buni saqlash imkoni yoʻq.) Buning uchun fermer qabul qilish punkti bilan vaqtincha saqlashga (saqlash xarajatlarini qoplash sharti bilan) shartnoma qilishi lozim. Vaqtinchalik saqlash shartnomasiga koʻra xom-ashyo agroplatformada elektron roʻyxatdan oʻtadi va fermer (qachon va kimga) oʻz mahsulotini sotmoqchi boʻlsa terim davrida yoki terimdan soʻng ixtiyoriy qaror qabul qilaveradi. Bunda ham mahsulot elektron tarozi orqali oʻtkazilib, xom-ashyo miqdoriga qarab terim uchun albatta pul oladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda Surxondaryo viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi aynan shu holatni nazarda tutgan boʻlishi mumkin, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgan va tabiiyki, xatoga yoʻl qoʻygan. – Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugun mamlakatimiz boʻylab 90 foizdan ortiq fermerlar kelishuvga asosan oʻz shartnomalarini qayta rasmiylashtirdilar va bu bilan subsidiyaga ega boʻlgan holda oʻzlari yetishtirgan paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 soʻmdan topshirmoqda. Bundan tashqari terim pulini olishda ham paxta xom ashyosining miqdorini aynan elektron tarozi orqali oʻtkazilib, “Agroplatforma.uz”da aks ettirish orqali barcha shaffoflik taʼminlanmoqda.
Agar fermerlarda tushunmovchilik holati boʻlsa, vazirlik har bir holatni koʻrib chiqib, yechim va yordam berishga tayyor.
Yetishtirilgan paxta xom-ashyosini topshirishdagi barcha muammoli holatlarda (shartnomalarni yoʻqligi, fermerni oʻziga maʼqul boʻlmagan klasterga sotmaslik qarorida ekanligi, bugungi narxlarni koʻtarilishini kutish istagida ekanligi va h.k) terilgan xom-ashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirib, muammoli masallarni bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilar bilan oʻzaro kelishgan holda bartaraf etishlari mumkinligini bildiramiz. Maqsad - terilgan paxta oʻz vaqtida qabul punktlarida toʻgʻri saqlanishi va shaffof tarzda agproplatformada aks etishi lozim.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur xabarning obyektiv mohiyatini anglab yetish va aynan Hukumat qarori bilan begʻaraz yordam berish masalalarini toʻgʻri talqin qilinishini soʻrab qolamiz.