Mamlakatimizda makkajo‘xorining yuqori hosildor gibrid navlari sinovdan o‘tkazilmoqda
2024-08-28 16:05:00 / Yangiliklar
Jumladan, chorvachilikni rivojlantirishda chorva mollarining ozuqa bazasini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda ozuqabop yangi ekin navlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, shu paytgacha yetishtirib kelinayotgan ekinlarning yuqori hosildor gibrid navlarini mamlakatimiz iqlim sharoitida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki tomonlama hamkorlikda “Barqaror va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Germaniya-O‘zbekiston texnik muloqoti – iqlimga chidamli yem-xashak ekinlari va ularning urug‘chiligini takomillashtirish” dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Niderlandiya, Germaniya, AQSh, Italiya, Serbiya va Turkiya davlatlaridan 40 ga yaqin ozuqabop ekinlarning urug‘liklari keltirilib, respublikaning 6 ta viloyati, 12 ta hududida turli tuproq iqlim sharoitlarida tajriba-sinov tariqasida yetishtirilmoqda. Toshkent viloyati, Chinoz tumani, Abzalobod MFYda joylashgan "Dil Giyo Fayz Baraka" fermer xo‘jaligi dala maydonlarida yetishtirilayotgan makkajo‘xori ayni paytda yaxshi rivojlanmoqda.
O‘rganishlar davomida oq jo‘xori, soya, makkajo‘xori kabi ekinlarning xorijiy mamlakatlardan olib kelingan turli navlari ko‘zdan kechirilib, hosilni yig‘ib olish va samarali saqlash usullari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim qilindi.
Umuman olganda makkajo‘xori – ko‘p tarmoqli foydalanishda qimmatli, serhosil, donli ekin hisoblanadi. Uning tarkibida B1, B2, PP, C, D, K darmondorilariga, kalsiy, fosfor, temir, natriy minerallari mavjud. Ushbu ekin turining poyasi mollarga ko‘kligicha beriladi va undan xashak tayyorlanadi. Makkajo‘xori o‘simligi issiqqa talabchan, uning urug‘lari 7-8 musbat darajada unib chiqadi.Yuqori hosilli ozuqa ekini hisoblanadi. Respublikamizda makkajo‘xorini don uchun ekib har bir gektar yerdan o‘rtacha 40-50 sentner don yoki ko‘k massa uchun ekib 500-700 sentner ko‘k massa olish imkoniyati mavjud.