Qishloq xo‘jaligi texnikalarini xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan 4 ta trek quriladi
2024-08-02 19:00:00 / Yangiliklar
Rejaga ko‘ra, 1 - quriladigan sun’iy tekis beton trekning uzunligi 400 m, kengligi 4,0 m bo‘ladi. Unda ISO 789-9 xalqaro standarti bo‘yicha traktorlarning ma’lumot yig‘ish tizimi va ularning har bir harakatlanish uzatmasida tortish quvvati, operator ish joyidagi shovqin miqdori, harakat tezligi, yoqilg‘i sarfi, foydali ish koeffitsiyenti, g‘ildiraklarning shataksirashi hamda maksimal tortish kuchini aniqlash bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, uzunligi 35 m bo‘lgan notekis yuzaga va uzunligi 100 m bo‘lgan silliq yuzaga ega ikki polosali trek qurilishi ham reja qilinmoqda. Unda ISO 5008:2002 va ISO 8041:2005 xalqaro standarti bo‘yicha traktor va o‘ziyurar qishloq xo‘jaligi texnikalarining operatorga tebranishlar ta’siri, operatorning tana tebranishi davomiyligi, traktorning harakat tezliklaridagi tebranishlar va va ma’lumot yig‘ish tizimi orqali aniqlanadi.
Uchrashuv davomida radiusi 20 m bo‘lgan aylanma beton trek qurilishi bo‘yicha ham muhokamalar bo‘ldi. Ushbu trekda ISO 798-9 xalqaro standarti bo‘yicha og‘irligi 29 t gacha bo‘lgan tirkamalarning sinovini o‘tkazish uchun 15 km/soat gacha bo‘lgan tezlikda texnikalarning yurish qismi chidamliligi, gidrotizimga ta’siri, kabinaga ta’siri, osma butlovchi qismlarga ta’siri aniqlanadi.
Ushbu ko‘rsatkichlarning aniqlanishi Markazning xalqaro akkreditatsiya talablarining bajarilishiga, sinov sifatining oshishiga hamda xalqaro standart talablari bo‘yicha sinovlarning to‘laqonli o‘tkazilishiga imkon beradi.