Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlari

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
- davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi;
- o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abiturientning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvarь oylarida tashkil etiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:
- davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi;
- davlat oliy ta’lim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyunga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:
- tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi;
- har yili 20 iyulga qadar tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining oliy ta’lim muassasalari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- b) davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar qoplanadi:
- 2021/2022 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;
- 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.