Onlayn amalga oshiriladigan notarial harakatlar miqdori va imkoniyatlari kengaytiriladi
2023-10-11 12:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Samarqandda konferensiya shaklida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i D.Umarov "O‘zbekiston notariatini raqamlashtirishni rivojlantirish istiqbollari" mavzusida chiqish qildi.
O‘z maʼruzasida O‘zbekiston notariat tizimini isloh qilinishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Taʼkidlangandek, 2019 yilda O‘zbekistonda Prezident farmoni bilan notariat institutini raqamlashtirilgan modelga o‘tkazish hamda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish belgilandi. Jismoniy va yuridik shaxslarga tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, jumladan xususiy mulk egalari o‘z mulkini erkin tasarruf etishi va undan foydalanishidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlar olib tashlandi. Albatta ushbu ko‘rsatkichlar notariat sohasi raqamlashtirilishi natijasida amalga oshirildi.
“E-notarius.uz” portali ishga tushirilib, fuqarolarga o‘zlariga yaqin notariusni aniqlash, notarius qabuliga navbatga elektron yozilish, ishonchnomaning qonuniy kuchga egaligini aniqlash, meros ishi ochilganligini aniqlash, masofadan turib elektron murojaat qilish, mulkka bo‘lgan taqiqni tekshirish imkoniyati yaratildi.
Notarial faoliyat to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish jarayonlari kompleks avtomatlashtirilgan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu Tizim davlat organliri va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi, natijada notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan olinishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada, fuqarolardan talab etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar hajmi 87 foizgaqisqartirildi.
Notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash murojaatchilarning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi joriy etildi. Masofadan turib, ayrim notarial harakatlarni videokonferensaloqayordamida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Umuman olganda, respublikamizda notarial faoliyat uchun litsenziya olishdan boshlab, notarial harakatlarni amalga oshirish, ularni monitoring qilish jarayonlari barchasi axborot texnologiyalarining yutuqlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, sohani raqamlashtirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. Jumladan, masofadan turib notarial harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini yana-da takomillashtirib, onlayn amalga oshiriladigan notarial harakatlar miqdori va imkoniyatlarini kengaytirishni, masofadan turib fuqaroning shaxsini FACE ID tizimi orqali aniqlashda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, ayrim turdagi davlat xizmatlarini notariuslar tomonidan ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish orqali notariuslar vakolatlarini kengaytirish, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi imkoniyatlarini va maʼlumotlar bazasini takomillashtirish rejalashtirilgan.


