Davlat xizmatlari markazlariga 7 yil: davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar
2024-12-17 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 17-dekabr kuni Adliya vazirligi tomonidan “Davlat xizmatlari markazlariga 7 yil: davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, 2017 yilda O‘zbekistonda aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini taʼminlash, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish maqsadida davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi.
So‘nggi yetti yilda aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim xalqimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yana-da yaqinlashtirish bo‘yicha birinchi navbatda zarur infratuzilmani yaratildi.
Respublikaning 208 ta tuman va shaharlarida DXMlar tashkil etildi. DXMlarning 193 tasida zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu binolarning 79 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi. Tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km uzoq, tog‘li hududlarda 138 ta filial faoliyat yuritib kelmoqda. Ular mahalliy aholini uzog‘ini yaqin qilmoqda.
2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 403 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Har kuni o‘rtacha 100 mingga yaqin fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda.
DXMlar tomonidan hozirga qadar 66 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, fuqarolarning shaxsan o‘zi kelgan holda 2023-yil davomida 9,3 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 10,5 mlndan ortiqni tashkil etdi.
Xizmatlarni sayyor tartibda va “eksterritorial” tamoyil asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan (propiskaga) yoki yashash joyidan qatʼiy nazar aholi va tadbirkorlarimiz istalgan joydagi yoki o‘zlariga qulay joydagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 188 ta mahallalarda 24/7 rejimida ishlaydigan interaktiv kiosklar orqali 64 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha 460 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face–ID) usuli joriy qilindi. Bunda, davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda fuqarolar o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib borishmagan bo‘lsa, ularning shaxsiga yuz qiyofasi orqali aniqlik kiritiladi.
Byurokratik soha hisoblangan litsenziyalash, ruxsat berish tizimi butunlay isloh qilindi. Litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 32% gacha qisqartirildi. Xususan, 72 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 40 ta ruxsatnomalar bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil usuliga o‘tkazildi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 120 turdagi ortiqcha maʼlumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
Natijada:
-
davlat organlari o‘rtasida “Raqamli hukumat” tizimi orqali bir yilda o‘rtacha 2,2 mlndan ortiq hujjatlar (maʼlumotlar) almashilmoqda;
-
aholi va tadbirkorlik subyektlarining 22,7 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari hamda 2,2 mln dona (11 ming kg) qog‘oz tejalishiga erishildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab etiladigan hujjatlar soni 255 tadan 129 taga (51 foiz) qisqartirildi.
Ijtimoiy himoya muhtoj shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda to‘lovlarning 50 foizi miqdorida chegirma joriy qilindi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab 5 ta soha bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdanni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi.
2024-yil 1-martdan boshlab 2025-yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida 2 ta litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq 27 ta vazifa va funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazildi.
Tadbir davomida jurnalistlar va jamoatchilik vakilari o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati
