Adliya vazirligining 9 oylik faoliyati sarhisob etildi
2024-11-05 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yil 5-noyabr kuni Adliya vazirligining hayʼat majlisi video-konferens-aloqa shaklida oʻtkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Hayʼat majlisida 2024-yil 9 oyligida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar, muhokama qilindi.
Yigʻilishda norma ijodkorligi, huquqiy va davlat xizmatlari koʻrsatish, murojaatlar bilan ishlash, ochiqlik siyosati va boshqa sohalar kesimida tahliliy maʼlumotlar keltirildi.
Xususan, 1 569 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, tashabbus bilan 187 ta loyiha ishlab chiqildi.
Joylarda 420 mingdan ziyod huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Kelib tushgan 123 007 ta murojaatdan 78 foizi qonuniy hal etilib, fuqaro va tadbirkorlar manfaatida kiritilgan taʼsir choralari natijasida pul mablagʻi undirib berildi.
Davlat organlarining 44 mingdan ziyod noqonuniy hujjatlari bekor qilinib, qoʻpol qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan 2686 nafar aybdor shaxslar intizomiy hamda 8 093 nafar aybdor mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 8,4 mlndan ortiq xizmatlar koʻrsatilib, xizmat koʻrsatish jarayoni va bosqichlari soddalashtirilishi natijasida oʻrtacha xizmat koʻrsatish vaqti 5 daqiqani tashkil etmoqda.
Yuridik xizmat markazlari tomonidan davlat tashkilotlarining 6,3 mlndan ziyod hujjat loyihalari boʻyicha huquqiy xulosalar berildi.
Shu bilan birga, sohadagi ayrim muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qatʼiyatsizligi va huquqni qoʻllash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvdagi ayrim kamchiliklar mavjudligi taʼkidlanib, ularning bartaraf qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Yigʻilish yakunida vazir tomonidan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati