Kengaytirilgan qidiruv

Milliy emlash kunlari: ikkinchi bosqich boshlandi


08.06.2010

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra, keyingi paytlarda mintaqamizdagi ayrim mamlakatlarda poliomiyelit kasalligi bo’yicha epidemiologik vaziyat murakkablashgan.

Bu yuqumli xastalik mamlakatimizga kirib kelishining oldini olish va o’sib kelayotgan avlod salomatligini muhofazalash maqsadida Milliy emlash kunlari o’tkazilmoqda. Shu yilning 17-23 may kunlari mazkur tadbirning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinikada mamlakatimizda poliomiyelitga qarshi Milliy emlash kunlarining ikkinchi bosqichi boshlanishiga bag’ishlangan marosim bo’lib o’tdi.

O’zbekiston sog’liqni saqlash vaziri A.Ikromov yurtimizda aholi salomatligini muhofazalash, oilada sog’lom farzand dunyoga kelishi va kamolga yetishini ta’mishlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlarning bosh maqsadi ekanini alohida ta’kidladi. Mazkur yo’nalishda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli tibbiy-ijtimoiy tadbirlar tufayli onalar va bolalar o’limi keskin kamaymoqda. Yuqumli kasalliklar bo’yicha epidemiologik vaziyat barqaror saqlanmoqda.

Mamlakatimizda aholini yuqumli kasalliklarga qarshi emlashning milliy tizimi va taqvimi shakllangan. Bu yo’nalishda amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida, 1996 yildan buyon poliomiyelit kasalligi umuman qayd etilmadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan mazkur yutuqlarning alohida e’tirof sifatida 2002 yilda O’zbekistonga «Poliomiyelitdan xoli hudud» maqomi berilgan.

Biroq qo’shni davlatlarda bunday kasallik xuruji kuzatilayotgani tegishli chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishni taqozo etayotir. Jumladan, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va YuNISEF bilan hamkorlikda yurtimizda Milliy emlash kunlari o’tkazilayotir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chaqaloqlar va besh yoshgacha bo’lgan bolalar poliomiyelitga nisbatan ko’proq chalinadi. Bu xastalik o’smirlar va kattalarga deyarli zarar yetkazmaydi. Shu bois, Milliy emlash kunlarining birinchi bosqichida 2 million 900 nafar besh yoshgacha bo’lgan bola emlandi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi boshlig’i Jujanna Yakab va YuNISEFning Yevropa mintaqasi bo’yicha direktori o’rinbosari Kirsi Madining aytishicha, O’zbekistonda Milliy emlash kunlarining birinchi bosqichi yuksak saviyada va uyushqoqlik bilan o’tkazilgan. Bu – O’zbekistonda aholi sog’lig’ini mustahkamlash, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samarali yo’lga qo’yilganining amaldagi ifodasidir.

– Milliy emlash kunlarining birinchi bosqichida hududimizdagi besh yoshgacha bo’lgan bolalarni to’la qamrab olishga erishdik, – deydi Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika bosh shifokori o’rinbosari Nilufar Quvnoqova. – Milliy emlash kunlarining 7-13 iyun kunlari bo’lib o’tadigan ikkinchi bosqichiga ham aholini keng jalb etish uchun barcha chora-tadbirlar ko’rildi. Shifokorlar va patronaj hamshiralari mahalla faollari, xotin-qizlar qo’mitalari mutaxassislari bilan birgalikda xonadonlarda keng va izchil tushuntirish ishlarini olib bordi. Shu bois, tadbirning birinchi kunida ko’pchilik bolalar to’la emlandi.


Manbaa: O`zA