Kengaytirilgan qidiruv

Qizg‘in hozirlik ko‘rildi


19.12.2009

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘ladigan saylovga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Qashqadaryo viloyatida ham saylovni milliy saylov qonunchiligimizga mos holda o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

– Mazkur jarayon mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim o‘rin tutishi shubhasiz, – deydi viloyat saylov komissiyasi raisi Mirza Tursunov. – Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 12, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 59, shahar va tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 405 saylov okrugi tuzildi. Saylovchilarimiz ovoz beradigan 802, jumladan, 28 yangi saylov uchastkasida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Saylov uchastkalari ovoz berish qutilari, kompyuter, faks, nusxa ko‘chirish apparatlari va boshqa jihozlar, saylovga oid qonun hujjatlari hamda tegishli qo‘llanmalar bilan to‘liq ta’minlandi. Ovoz beriladigan joylarning keng va yorug‘ bo‘lishi, xonalarning issiqligi hamda qulayligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, saylov uchastkalarini tashkil etishda yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari qulay bo‘lgan, aholiga yaqin joylar tanlandi. Saylov uchastkalariga raqamli va mobil telefon aloqasi o‘rnatildi. Viloyatning chekka, tog‘li hududlarida kichik radiostansiyalar ishi yo‘lga qo‘yildi.

Saylov jarayonida ochiqlik, oshkoralik hamda transparentlikni ta’minlash uchun barcha sharoit yaratildi. Saylov uchastkalari, tashkilotlar, banklar, kasalxonalar va boshqa aholi gavjum joylarga nomzodlarning tashviqot varaqalari qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumanlari o‘tkazilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlari va saylov qonunchiligidagi yangiliklar haqida tegishli ma’lumotlar berildi. Qarshi va Shahrisabz shaharlarida seminarlar o‘tkazildi.


Manbaa: O`zA