Kengaytirilgan qidiruv

Andijon: o'rganishga munosib tajriba


08.06.2010

Andijon shahrida xizmat ko’rsatish va servis sohalari hamda yakka tartibda uy-joy qurilishi borasida Andijon viloyati tajribasiga bag’ishlangan respublika seminari bo’lib o’tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, barcha viloyatlardan arxitektura va qurilish sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning barcha joylarida bo’lgani kabi Andijon viloyatida ham qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, zamonaviy servis xizmatini kengaytirish, bunyodkorlik va obodonlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda shaharsozlik va arxitekturani rivojlantirish, hududlar, ayniqsa, qishloqlar qiyofasini tubdan o’zgartirish, aholiga yangi uy-joylar qurish va qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tadbirdan ko’zlangan maqsad mazkur yo’nalishdagi ishlar ko’lamini yanada kengaytirish, bu borada viloyatda to’plangan tajribani ommalashtirishdan iborat.

O’zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo’mitasi raisi o’rinbosari A.To’xtayev, Arxitektorlar uyushmasi raisi o’rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloqlar qiyofasini tubdan o’zgartirish, qishloq aholisini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida may oyida Andijon viloyatiga tashrifi davomida viloyatda ushbu yo’nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Ayni paytda Andijon viloyatida xizmat ko’rsatish va servis sohalari hamda yakka tartibda uy-joy qurilishi borasida katta tajriba to’planganini alohida qayd etdi.

Keyingi yillarda Andijon viloyatida ham servis va xizmat ko’rsatish sohasi izchil rivojlanib borayotir. Viloyatning shahar va tumanlarida, qishloqlarda savdo majmualari, xizmat ko’rsatish shoxobchalari soni tobora ortmoqda. O’tgan yili viloyat tumanlarida sakkizta zamonaviy savdo majmualari ishga tushirildi. Bu aholiga katta qulayliklar yaratib, joylardagi infratuzilma rivojiga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bu boradagi ishlar salmog’ini yanada oshirishda dasturilamal bo’lib xizmat qilmoqda. Xususan, Andijon viloyatining Shahrixon, Asaka va Oltinko’l tumanlarida namunaviy loyihalar asosida oltmishta uy qurib bitkazildi.

Seminarda Prezidentimizning 2005 yil 30 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “2005-2010 yillar uchun shahar, shaharchalar va qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish chora-tadbirlari Dasturi”ga muvofiq aholi punktlarining bosh rejalari va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama etildi. Bugungi kunda Andijon shahrida olib borilayotgan ishlar tufayli shahar qiyofasi butunlay o’zgarmoqda. O’zbekiston, Bobur, Navoiy shohko’chalari zamonaviy arxitektura talablari asosida bunyod etilib, turli xizmat ko’rsatish va servis shoxobchalari ishga tushirildi. Keng miqyosdagi obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari jarayonida atrof-muhitga, insonlar salomatligiga ijobiy ta’sir etadigan daraxt va gul ko’chatlari o’tqazildi.

Tadbirda arxitektor, quruvchi va boshqa mutaxassislarning yakka tartibda uy-joy qurishning o’ziga xos jihatlari, namunaviy loyiha asosida bunyod etilayotgan uy-joylarning afzalliklari, qishloq joylarda suv, gaz va elektr tarmoqlarini barpo etish, infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari kabi ko’plab dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

O’zA muxbiri seminar ishtirokchilaridan ayrimlarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Shavkat Abdusalimov, Sirdaryo viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi bo’lim boshlig’i:

– Seminarda shaharsozlik va arxitektura sohasida olib borilayotgan ishlar va yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldik. Andijon shahrida xizmat ko’rsatishni yo’lga qo’yish, xususan, savdo do’konlari barpo etish borasida amalga oshirilgan ishlar e’tiborga molik. Viloyat tajribasi bilan yaqindan tanishib o’zimiz uchun ko’plab foydali ma’lumotlarga ega bo’ldik.

Anna Totiyeva, “Toshuyjoyloyiha” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi:

– Andijonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, namunaviy loyiha asosida uy-joylar qurish, aholi uchun qulay-shart sharoit yaratish borasida o’ziga xos tajriba to’plangan. Viloyatda nafaqat qurilish, ayni paytda qurilish materiallari ishlab chiqarish ham yaxshi rivojlanganiga guvoh bo’ldik. Yakka tartibda qurilayotgan uy-joylar, qurilish materiallarining sifati yuqori. Seminarda bu boradagi ishlarni rivojlantirish yuzasidan o’zaro tajriba almashdik.

Respublika seminarining ochilishida Andijon viloyati hokimi A.Usmonov so’zga chiqdi.


Manbaa: