O‘zbekiston dunyoda sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan TOP-5 mamlakatlar qatoriga kirdi
2026-06-10 09:05:00 / Yangiliklar

BMT Turizm hisobotida qayd etilishicha, 2026-yil yanvar-mart oylarida jahon bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 2 foizga oshib, 307 million sayyohni tashkil etdi. Bu esa, 2025-yilning mos davriga nisbatan 6 million sayyohga ko‘paygan.
Global tendensiyalar fonida O‘zbekiston sayyohlik faolligining yanada ta’sirchan o‘sishini ko‘rsatmoqda. 2025-yilda mamlakat o‘z rekordlarini yangiladi: 12 oyda 11,7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. 2026-yilning dastlabki 5 oyida mamlakatga 5,3 milliondan ortiq turist tashrif buyurdi.
O‘zbekistonga sayyohlar oqimining ko‘payishi viza rejimini kengaytirish, transport qulayligini oshirish va faol xalqaro marketing siyosati bilan bog‘liq. Yangi mehmonxonalar, sayohat kompaniyalari va turizm mutaxassislari soni sezilarli darajada oshdi, bu esa mamlakat infratuzilmasini mustahkamlaydi va uni jahon sayohat bozorida yanada raqobatbardosh qiladi. Sayyohlarni eng ko‘p jalb qilayotgan omillardan yana biri — Oʻzbekistondagi xavfsiz va nisbatan arzon sayohat muhiti. Ko‘plab sayyohlar uchun Yevropa yoki boshqa uzoq yo‘nalishlarga qaraganda Oʻzbekiston tarixiy jihatdan boy, ammo xarajatlar jihatidan qulay yo‘nalish hisoblanadi.
Samarqand, Buxoro va Xiva kabi an’anaviy tarixiy markazlardan tashqari, ekologik va gastronomik turizmga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Bu esa mamlakatning sayyohlik takliflarining xilma-xillashuvini ko‘rsatmoqda. Uzoq xorijdan kelayotgan sayyohlar sonining ko‘payishi O‘zbekistonning mintaqaviy yo‘nalish chegaralaridan chiqib, global turizmda o‘z o‘rnini mustahkamlayotganidan dalolat beradi. Bu yutuqlar BMT Turizm barometrida tasvirlangan global tendensiyalar doirasida turizm sohasining yanada rivojlanishi uchun qulay istiqbollarni yaratmoqda.
