MAJBURIY IJRO BYUROSI FAOLIYATI YUZASIDAN MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI
2025-07-23 09:30:00 / Matbuot anjumanlari

Ommaviy axborot vositalari vakillari, korxona va tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari hamda yosh davlat ijrochilari ishtirok etgan tadbirda boshqarmaning mutasaddi rahbar va mas’ul xodimlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, majburiy ijro tizimi tezkorligi va samaradorligini ta’minlashda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
— Majburiy ijro byurosi faoliyatida ham tizimli chora-tadbirlar qabul qilinib, samarali ish uslublari tadbiq etilib kelinmoqda, — dedi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nazirjon Gʻafforov. — Natijada joriy yilning shu davriga qadar 2 trillion 980 milliard so‘mlik 243 ming 564 ta hujjatlar bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi va davlat foydasiga 300 milliard so‘m undirilishi ta’minlandi. Bundan tashqari, 12 ming 746 ta ijro hujjati bo‘yicha 86 milliard so‘mga yaqin aliment pullari undirilib, ijro harakatlari jarayonida 274 nafar aliment to‘lovchi ishsiz qarzdorlarning bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, tadbir davomida davlat ijrochilarining tezkor harakatlari natijasida qarzdorligini to‘lamay yurgan qidiruvdagi 209 nafar shaxslar topilib tegishli chora ko‘rilganiligi, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, ma’muriy jazoga tortilganidan xulosa chiqarmagan 22 nafar qarzdor otalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi ham mutasaddilar tomonidan ta’kidlab o‘tildi.
Bunday harakatlar zamirida aholining huquqiy madaniyatini oshirish bilan bir qatorda qonun va odil sudlovni hurmat qilish, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va ixtiyoriy ravishda bajarish madaniyati yoki ko‘nikmasini shakllantirishga asosiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan va jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan dolzarb savollarga Byuro rahbariyati hamda mas’ul xodimlar atroflicha javob berdilar.



